11/02/2025
Andijon davlat pedagogika institutida Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi
Andijon davlat pedagogika institutida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan “Zahiriddin Muhammad Bobur ilmiy-ijodiy merosining olamshumul ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Mazkur konferensiyada xorijiy hamda mahalliy nufuzli ilmiy muassasalarning professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlar va ijodkorlar ishtirok etdi.
Konferensiyada Hindistonning Javoharlal Neru universiteti, Qozog‘iston Respublikasi J. Tashenev nomli universiteti, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, shuningdek, O‘zbekistonning bir qator oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari qatnashdi. Xususan, tadbirda Javoharlal Neru universiteti Til, adabiyot va madaniyatshunoslik maktabi Fors va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi raisi Ahmad Axloq Xon, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va “Turon” Xalqaro Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Shahodat Isaxonova, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi professori Hulkarxon Hamroyeva, Yoshlar ishlari agentligidagi “1000 kitob” loyihasi muharriri Asror Allayorov, Farg‘ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilari Muhammadxon Hakimov, Muhammadjon Mamajonov, Muxtorjon Omonov, shuningdek, Bobur nomli Xalqaro mukofot sohibasi, shoira Zamiraxon Ro‘ziyeva, Filologiya fakulteti O'zbek tili va adabiyoti kafedrasi professor-o'qituvchilari ishtirok etdi.
Konferensiyaning ochilish qismida so‘zga chiqqan ma’ruzachilar Zahiriddin Muhammad Boburning ilmiy va ijodiy merosi, uning jahon adabiyoti va ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida fikr bildirdilar. Tadbir davomida professor Ahmad Axloq Xon “Bobur merosining Hindistonda o‘rganilishi” mavzusida ma’ruza qildi. Konferensiya turli yo‘nalishlardagi ilmiy ma’ruzalar bilan davom etdi va Boburshunoslik sohasidagi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir yakunida institut talabalari tomonidan Bobur ijodiga bag‘ishlangan adabiy-musiqiy dastur namoyish etildi. Ushbu badiiy qismda Qirg‘iz tili va adabiyoti, Musiqa ta’limi va Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlari talabalari ishtirok etib, Bobur she’riyatidan namunalar o‘qishdi hamda milliy kuy-qo‘shiqlar ijro etdilar.
Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy va ilmiy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlodni buyuk mutafakkirlar ijodiga yanada yaqinlashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etdi.