25/04/2026
Klinikamizda xalqaro darajadagi nefrolog ishtirokida bepul tibbiy ko‘rik muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
📍Bugun Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti ko‘p tarmoqli klinikasida nefrologiya yo‘nalishida katta tajribaga ega xorijiy mutaxassis — Dr. L.K. Tripathi ishtirokida aholi uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Ushbu tibbiy aksiya doirasida 100 nafarga yaqin bemor chuqurlashtirilgan tekshiruvdan o‘tkazilib, har bir murojaatchining sog‘ligi individual yondashuv asosida baholandi hamda aniq tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
➡️Ko‘rik davomida buyrak kasalliklari, arterial gipertenziya, shish (ödem) sindromlari, siydik tizimi bilan bog‘liq muammolar hamda surunkali buyrak yetishmovchiligi kabi dolzarb yo‘nalishlar atroflicha o‘rganildi. Mutaxassis tomonidan ayniqsa kasalliklarni erta aniqlash va profilaktikaning ahamiyati alohida ta’kidlanib, bemorlarga sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, suyuqlik iste’molini me’yorida ushlash, qon bosimini nazorat qilish hamda buyrak faoliyatini muntazam tekshirtirib borish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.
✔️20 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan Dr. L.K. Tripathi o‘z faoliyati davomida 250 000 dan ortiq gemodializ jarayonlarini muvaffaqiyatli boshqargan, murakkab va yuqori xavfli buyrak transplantatsiyalarini amalga oshirgan hamda Hindiston va boshqa davlatlarda nefrologiya markazlarini tashkil etgan. U “Lifetime Achievement Award” hamda bir qator xalqaro mukofotlar sohibi bo‘lib, World Book of Records tomonidan COVID-19 pandemiyasi davridagi xizmatlari uchun e’tirof etilgan. Shuningdek, u xalqaro nefrologiya jamiyatlarida faol a’zo sifatida faoliyat yuritib, 10 yildan ortiq vaqt davomida shifokorlar va talabalarni tayyorlab kelmoqda.
⌛Mazkur tashrif nafaqat bemorlar uchun yuqori malakali tibbiy xizmatdan bepul foydalanish imkonini yaratdi, balki institutning yosh shifokorlari, klinik ordinatorlari va talabalari uchun ham muhim amaliy tajriba maktabi bo‘lib xizmat qildi.
➕Bunday tashabbuslar aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va zamonaviy tibbiy yondashuvlarni hududlarda keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
📹Batafsil videolavhada tomosha qiling!
©FJSTI Matbuot xizmati:
⚡️